"Arda Xiva" xalqaro turizm arenasida yangi brend

Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PMEF) doirasida Oʻzbekistonning eng yirik turistik loyihalaridan biri — "Arda Xiva" turistik majmuasini xalqaro bozorlarda targʻib qilishga qaratilgan muhim hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Turistik infratuzilmani boshqarish va rivojlantirish sohasidagi yetakchi Rossiya kompaniyalaridan biri — "Cronwell Development" hamda Rossiyaning yirik onlayn sayohatlar agregatori — "Ostrovok" oʻrtasida imzolangan kelishuv Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyatida joylashgan koʻp tarmoqli "Arda Xiva" turistik majmuasini xalqaro maydonda ilgari surishning yangi bosqichini boshlab berdi.
|
|
Mazkur hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda. Bu islohotlar mamlakat turistik infratuzilmasini modernizatsiya qilish, boy tarixiy-madaniy merosni jahon turistik marshrutlariga integratsiya qilish hamda xorijiy sayyohlar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tomonlar "Arda Xiva" majmuasini Rossiya va boshqa istiqbolli bozorlarda targʻib qilish, yangi turistik mahsulotlar ishlab chiqish, xalqaro koʻrgazma va forumlarda ishtirok etish, shuningdek, ishbilarmonlik aloqalari va sheriklik munosabatlarini kengaytirish boʻyicha hamkorlik qiladi.
Kelishuvni "Cronwell Development" MCHJ bosh direktori Aleksey Musakin va "Bronirovaniye gostinits" ("Ostrovok") MCHJ bosh direktori Darya Kochetkova imzoladi. Shuningdek, tomonlar rejalashtirilgan tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha amaliy "yoʻl xaritasi" vazifasini oʻtaydigan qoʻshma chora-tadbirlar rejasini ham tasdiqladilar.
|
|
Mutaxassislar fikricha, mazkur kelishuv Oʻzbekistonning turistik eksportini kengaytirish, Rossiyadan keluvchi sayyohlar oqimini oshirish hamda qadimiy Xivaning mintaqaning muhim turistik markazlaridan biri sifatidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ekspertlar taʼkidlashicha, ushbu hamkorlik nafaqat "Arda Xiva" majmuasi, balki butun Xorazm viloyati va Oʻzbekiston turizm sohasi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu esa mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy turistik infratuzilmasi va ochiq investitsiya siyosati xalqaro maydonda yanada keng targʻib qilinishiga xizmat qiladi.



